Prezident O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi bilan tabriklab, ekologiya, kuchli fuqarolik jamiyati va OAVning ahamiyati, ayollarga teng imkoniyatlar yaratish, bag‘rikenglik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish kabi masalalarga to‘xtaldi. “Davlatning vazifasi insonlarni baxtli qilishdir”, — deya eslab o‘tdi u.
O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan 286 nafar mahkum afv etildi. Ularning 39 nafarini ayollar, 22 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 30 nafarini chet davlat fuqarolari, 3 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkentdagi Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident qatag‘on qurbonlari yashagan mahallalarda ularning nomlari, faoliyatini muhrlab qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Xitoy, Malayziya, Buyuk Britaniya, Turkmaniston va Bangladeshning yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Shavkat Mirziyoyev “mamlakatdagi birinchi shunday imkoniyatga ega bo‘lgan” Milliy tibbiyot markazi, shuningdek, otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari markazidagi sharoitlar bilan tanishdi. U muassasalardagi jihoz va sharoitlarni prezidentga emas, balki xalqqa ko‘rsatish kerakligini ta’kidladi.
Respublika bolalar kutubxonasiga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyev bolalar bilan kitobxonlikning afzalliklari, zamonaviy telefonlarning ijobiy va salbiy tomonlari haqida gaplashdi.
Prezident restavratsiyadan chiqqan Respublika bolalar kutubxonasini ochib berdi. Rekonstruksiya loyihasi Sankt-Peterburgning Ludi Architects byurosi tomonidan amalga oshirildi. Kutubxona o‘z eshiklarini 31-avgust kuni ochadi.
“Toshkent yerosti va yerusti metro yo‘llari halqaga aylandi”. O‘zbekiston prezidenti Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti metrosining yangi uchastkasini borib ko‘rdi, metroda yurdi. Foto.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Bojxona rasmiylashtiruvi markazi bilan tanishdi. Unda masofaviy elektron deklaratsiyalash, xavflarni boshqarish va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Markaz rasmiylashtiruv vaqtini 2 baravarga qisqartiradi. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak, dedi prezident.
Besh yil ichida O‘zbekistondagi barcha maktablarda hozirda Prezident maktablarida qo‘llanayotgan o‘quv dasturlari va baholash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Joriy yilda yangi darsliklar chop etishga 920 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Maktab o‘qituvchilarini ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifalarini berish tizimi “to‘liq o‘zgaradi”, dedi prezident. O‘qituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinadi va tabaqalashtirilgan tartibda malakasi oshiriladi.
2024-yilda O‘zbekiston maktablarida 250 mingta o‘quvchi o‘rni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Investitsiya dasturida maktablar qurilishiga 3 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Yaqinda maktablarda 1,2 mln o‘quvchi o‘rni yetishmayotgani aytilgandi.
2024-yildan sertifikatsiyadan o‘tgan direktorlar oyligini 50 foizga, ularning o‘rinbosarlari ish haqini esa 30 foizga oshirish reja qilinyapti, deya ma’lum qildi prezident. Og‘ir maktablar uchun davlat granti asosida maqsadli pedagoglarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston maktablarida yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqarishini ma’lum qildi. 10−11 sinf o‘quvchilari uchun esa qaysi oliygohga kirishiga qarab, tegishli fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladi. Kasb-hunar ham maktabning o‘zida o‘rgatila boshlanadi.
Prezident mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovni I darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotladi. Shuningdek, bosh prokurorning 2 nafar o‘rinbosari, Oliy sud raisi o‘rinbosari, prokuratura, IIV va boshqa idoralar xodimlari ham taqdirlandi.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka sobiq nomzodlar Ulug‘bek Inoyatov va Alisher Qodirovni, shuningdek, deputat va senatorlar, Enter Engineering, SANEG kompaniyalari vakillari, Uzbekistan GTL, “O‘zmetkombinat” loyihalari rahbarlari va boshqalarni ordenlar bilan taqdirladi.
AQSh Senatining Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari qo‘mitasi raisi Geri Piters O‘zbekiston prezidenti, Senat raisi va TIV rahbari tomonidan qabul qilindi. Muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy kun tartibi, parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlar, inson huquqlari va boshqalar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Saida Mirziyoyeva prezident yordamchisi etib tayinlandi. Prezident administratsiyasida, shuningdek, boshqa tayinlovlar ham amalga oshirildi.
Prezident “Samarqandda ishlash qiyinligini bilgan va Toshkentga qaytmoqchi bo‘lgan” Samarqand shahri hokimi Fazlididin Umarovni ko‘pchilik maqtashini aytdi. “Toshkentga qaytmaysan, shuni bilgin”, — dedi Shavkat Mirziyoyev DSQ raisining sobiq birinchi o‘rinbosariga.
Prezident Samarqand viloyatida elektr taqchilligi 2022-yildagidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. U viloyat hokimi va uning o‘rinbosari, shuningdek, energetika vazirining birinchi o‘rinbosarini tanqid qildi. “Qishda svet o‘chganda hech kim Turdimov demaydi, Mirziyoyev qayoqqa qarayapti, deydi”, — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting